
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qildi. Bu haqda Tramp ma’muriyati xabar bermoqda. Uchrashuvda tomonlar o‘nlab yillar davom etgan keskin mojaro va ko‘plab qurbonlardan so‘ng tarixiy tinchlik deklaratsiyasini imzolagan.
Ozarbayjon va Armaniston AQSh bilan savdo, transport, energetika, infratuzilma va texnologiya sohalarida ikki tomonlama iqtisodiy shartnomalarga erishgan. Bu kelishuvlar Janubiy Kavkaz mintaqasida yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

«35 yildan ortiq davom etgan mojaroni hal qila oldik. Ko‘p urinishlar bo‘lgan, ammo samara bermagan. Bugun biz yakuniy tinchlikka erishdik», – degan Tramp.
Aliyev esa Trampning qisqa muddatda nafaqat Janubiy Kavkaz, balki Osiyo va Afrikadagi mojarolarni ham tugatgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
«Biz qarama-qarshilik va qon to‘kilish sahifasini yopamiz», – deya qayd etgan Aliyev.
Pashinyan ham bu kelishuv Trampning bevosita ishtirokisiz imkonsiz bo‘lishini ta’kidlagan.
Oq uy bayonotida Trampning boshqa mintaqalarda ham tinchlik o‘rnatish bo‘yicha vositachilik qilgani, jumladan, Kambodja va Tailand, Isroil va Eron, Hindiston va Pokiston, Misr va Efiopiya, Serbiya va Kosovo o‘rtasida ham kelishuvlarga erishgani eslatib o‘tilgan.
Avvalroq Tramp va Putin 15-avgust kuni Alyaskada uchrashishi haqida yozgan edik.