
Rossiya va O‘zbekistonda xalqaro terrorchilik tashkilotining to‘qqiz a’zosi qo‘lga olindi. Ularning ikkitasi Qashqadaryo viloyatida yashagan.
Tashkilot a’zolari diniy-ekstremistik oqim tarafdorlari bo‘lib, yashirin uchrashuvlar o‘tkazgan, mehnat migrantlari orasida tarafdorlar yollagan va butun dunyo xalifaligini tuzish g‘oyasini targ‘ib qilgan. Maxsus xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, guruh faoliyati chet eldan boshqarilgan.
Qashqadaryolik ikki shaxsning uyida tintuv vaqtida ekstremistik adabiyotlar va xorijiy davlatga tegishli SIM-karta topilgan. Shuningdek, gumondorlardan flesh-xotiralar va bir nechta mobil telefonlar musodara qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasi qo‘lga olinganlarga nisbatan terrorchilik tashkilotini tuzish va uning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ularga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Qashqadaryolik ikki a’zoga oid jinoyat ishi tafsilotlari hozircha ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Soxta geologik xarita va ish va’dasi bilan firibgarlik qilganlar ushlangani haqida yozgan edik.