Tramp va Putin 15-avgust kuni Alyaskada uchrashadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 15-avgust, juma kuni Alyaskada uchrashishini e’lon qildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda. Uchrashuv Ukraina urushini tugatish bo‘yicha ehtimoliy tinchlik kelishuvini muhokama qilish rejasidan so‘ng belgilandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin taklif qilgan reja Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasi va 2014-yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimni Rossiya tarkibida qoldirishni ko‘zda tutadi. Reja bo‘yicha jangovar chiziqlar hozirgi holatda to‘xtatiladi.
Putin AQShga so‘nggi marta 2015-yilda BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida kelgan edi. Tramp bilan esa oxirgi marta 2018-yilda uchrashgan. Yaqinda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvada Putin bilan uchrashib, rejani eshitgan va keyinroq Yevropa hamda Ukraina rasmiylariga yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp Armaniston va Ozarbayjon Oq uyda tinchlik shartnomasini imzolashini aytgani haqida yozgan edi.