Jennifer Lopez konserti, ro‘yxatdan o‘tgan Sea Breeze, «sirli mijoz» tekshiruvi — hafta yakuni

eʼlon qilindi
Haftaning muhim yangiliklari batafsil Kursiv Uzbekistan’da
Hafta yakuni. Foto: yugnash

Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealarning eng muhimlarini bir joyga to‘pladi.

Toshkentda tez yordam kelishini onlayn kuzatish imkoni yaratildi

Foto: Yandex

Yangi tizim Respublika tez tibbiy yordam markazi va Yandex Uzbekistan hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, bemor va yaqinlariga tibbiy yordam guruhi qayerda ekanini kuzatish va kelish vaqti haqida oldindan tayyorlanish imkonini beradi. Chaqiruv yuborilgach, foydalanuvchiga SMS orqali elektron xaritaga havola yuboriladi. U orqali tez yordam mashinasining yo‘nalishini onlayn ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Osiyo Taraqqiyot banki o‘zbek so‘mida obligatsiya chiqardi

OTB
Foto: ADB

Bu obligatsiyalar 14,5 foizli kupon stavkasi bilan 3 yillik muddatga chiqarilgan bo‘lib, Merrill Lynch International tomonidan joylashtirildi. Mazkur gender obligatsiyasi Toshkentdan tashqaridagi ayollar rahbarlik qilayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltiriladi.

1-oktabrdan tadbirkorlar davlat yerlarini mavsumiy ijaraga olishi mumkin

Foto: depositphotos.com

Hukumat qarori bilan tadbirkorlar o‘zlariga tegishli binolar yoki yer uchastkalariga tutash, lekin davlat tashkilotlariga biriktirilgan (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim obyektlari bundan mustasno) maydonlarda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yuritish huquqini oladi.

Samarqand va Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishi boshlandi

Samarqand va Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishi boshlandi
Samarqand va Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishi boshlandi / Foto: Ekologiya vazirligi

Loyihalar «Shanghai SUS Environment» va «China International Camce» kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Har bir zavod kuniga 1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, yiliga 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ikkala loyiha ham 150 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Sea Breeze loyihasi O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tdi

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

4-avgust kuni Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga kiritildi.

Ustav fondi 400 million so‘m etib belgilangan. Kompaniya ikki teng ulushli sherik – Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi va o‘zbekistonlik biznesmen Ulug‘bek Maxmudov tomonidan tashkil etilgan. Direktorlik lavozimi esa Xamidov Sardor Sandjarovichga topshirilgan.

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ish boshlaydi

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ish boshlaydi. Foto: gem-center

Yangi markaz qimmatbaho toshlarni xalqaro standartlar asosida baholash va sertifikatlash, shuningdek, gemmologiya yo‘nalishida ta’lim dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Samarqandda Nurobod texnoparki tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Texnopark Nurobod tumanining Sazag‘on massivida joylashgan 115,3 gektar bo‘sh yer maydonida tashkil etiladi. Bu hudud ilgari «Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga tegishli bo‘lgan. Tashabbus doirasida $1,1 milliardga teng xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda besh mingdan ortiq yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

GM litsenziyasi asosida ishlaydigan «Uz Chasys»dagi davlat ulushi sotiladi

«Uz Chasys»dagi 70% davlat ulushi xususiylashtirilmoqda. Foto: UzChasys

«UzChasys» MChJ ustav kapitalidagi 70 foiz davlat ulushi bo‘yicha ochiq savdo jarayonlari keyingi bosqichga o‘tdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi. Ushbu jarayonni Portfolio Investments kompaniyasi konsultant sifatida yuritmoqda.

O‘zbekistonda hayvonlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Sigir
Foto: Agro.uz

O‘zbekistonda saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan hayvonlar majburiy tarzda belgilangan muddatlarda identifikatsiya qilinib, ro‘yxatga olinadi. Yangi qonunga ko‘ra, hayvonlarni ro‘yxatga olish va identifikatsiya qilish uchun aniq muddatlar belgilanmoqda.

Singapur kompaniyasi O‘zbekistondagi Multinational Mine Group kompaniyasini sotib oladi

Foto: pexels.com

Xorijiy investor foydali qazilmalarni qidirish va muhandislik ishlari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek kompaniyasining ustav kapitalidagi 100 foizlik ulushni sotib olishni rejalashtirmoqda.

Sud xizmatlari uchun MySud mobil ilovasi ishga tushirildi

Sud xizmatlari uchun MySud mobil ilovasi ishga tushirildi / Foto: Sun’iy intellekt

Fuqarolar uchun yengillik yaratish maqsadida Oliy sud tomonidan MySud mobil ilovasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Endi foydalanuvchilar sudlarga elektron murojaat yuborish, ish holatini real vaqt rejimida kuzatish, sud to‘lovlarini onlayn to‘lash hamda boshqa ko‘plab interaktiv xizmatlardan bir ilova orqali foydalanishlari mumkin.

Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti qanday o‘tdi – fotoreportaj

Foto: Kursiv Uzbekistan

7-avgust kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida jahon estradasi yulduzi Jennifer Lopezning konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Kursiv Uzbekistan muxbiri tadbirdan fotoreportaj tayyorladi.

OpenAI GPT-5’ni taqdim etdi

ChatGPT

OpenAI GPT-5’ni taqdim etdi / Foto: Digital Floats

OpenAI 2025-yil 7-avgust kuni ChatGPT’ning yangi versiyasi – GPT-5ni ishga tushirdi. Yangi model tezroq ishlaydi, aniqroq javob beradi va insonga o‘xshashroq muloqot qiladi. U sog‘liq bo‘yicha savollar, matn yozish hamda dasturlash vazifalarida yanada kuchli bo‘ldi.

Abituriyent tanlangan beshta OTMga kira olmasa ham talaba bo‘lishi mumkin

Foto: Mandat.uz

Endi abituriyentlar o‘zi tanlagan beshta OTMga kira olmasa, to‘plagan balli yetadigan universitetga qabul qilinadi. Unga ko‘ra, endi abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tarixiy tinchlik kelishuvi imzolandi

Ozarbayjon va Armaniston
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tarixiy tinchlik kelishuvi imzolandi / Foto: Oq uy

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar o‘nlab yillar davom etgan keskin mojaro va ko‘plab qurbonlardan so‘ng tarixiy tinchlik deklaratsiyasini imzolagan.

O‘zbekistonda AES qurilishida birinchi beton 2026-yil mart oyida quyiladi

Azim Ahmedxodjayev
O‘zbekistonda AES qurilishida birinchi beton 2026-yil mart oyida quyiladi / Foto: Energetika vazirligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida quriladigan kichik atom elektr stansiyasi (AES) qurilish maydonida birinchi beton quyishni 2026-yil martidan kechiktirmaslikni topshirdi. AES qurilish muddati Toshkent shahrining energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilindi. Prezidentga tayyorgarlik ishlari va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan erishilgan kelishuvlar haqida axborot berildi.

O‘zbekiston – Tojikiston chegarasida ikkita nazorat–o‘tkazish punkti ishga tushdi

chegara
Foto: Yandex.uz

Bugun, 10-avgustdan boshlab Toshkent viloyatidagi «Bekobod avto» va Sirdaryo viloyatidagi «Xovosobod» chegara bojxona postlari ish boshladi. Unga ko‘ra, mazkur nazorat-o‘tkazish punktlari orqali uchinchi davlat fuqarolari hamda yengil avtomobillar o‘ta oladi.

Rad etilgan magistratura arizalarini qayta tahrirlash imkoniyati berildi

Foto: Chat GPT

Magistraturaga kirish uchun ariza yuborgan va kamchiliklar tufayli rad etilgan talabgorlarga 11–12-avgust kunlari arizalarini qayta tahrirlash imkoniyati beriladi. Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlash amalga oshirilmaydi va kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

O‘zbekistondagi Umra tashkilotchilari endi «sirli mijoz» orqali tekshiriladi

umra
Foto: depositphotos

Ma’lumotga ko‘ra, «sirli mijoz» tekshiruvlari davomida xodimlar oddiy mijoz qiyofasida safar tashkilotchilariga murojaat qiladi. Ular litsenziya mavjudligini, safar davomiyligi, narxlar, to‘lov usullari, yashash va transport sharoitlari kabi ma’lumotlarni so‘rab aniqlashadi. Agar zarur bo‘lsa, tekshiruv jarayonida yashirin audio yoki video yozuvlar ham olib boriladi.

O‘zbekistonda ilk bor avtotransport vositalari temir yo‘l orqali tashildi

Foto: «O‘ztemiryo‘lkonteyner»

«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ va Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida O‘zbekistonda birinchi marta kontreyler (Ro-La) tashuvlari sinov tariqasida amalga oshirildi. Bu usulda avtotransport vositalari temir yo‘l platformalariga joylashtirilib, Toshkent stansiyasidan Hamza stansiyasigacha muvaffaqiyatli yetkazildi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ijodiy imtihonlar 12–13-avgust kunlari o‘tkaziladi

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ijodiy imtihonlar 12–13-avgust kunlari o‘tkaziladi. Foto: Ijtimoiy tarmoqdan olindi

Imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomalar Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali olinadi. Ruxsatnomada imtihonning o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti ko‘rsatiladi.

Shuningdek