Oʻzbekistonda davlat banklari aktivlari ulushi 2024-yilda 67 foizgacha kamaydi

eʼlon qilindi
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) mamlakat bank sektorining Bazel tamoyillariga mosligini baholadi
Markaziy bank
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) mamlakat bank sektorining Bazel tamoyillariga mosligini baholadi. Jamgʻarma hisobotida keltirilishicha, davlat ulushiga ega banklarning jami aktivlardagi ulushi 2019-yildagi 84 foizdan 2024-yilda 67 foizgacha qisqargan.

XVJ boshqa ijobiy oʻzgarishlar sifatida sektor aktivlari qiymatining 690 trln soʻmga yetganini, omonatlarni sugʻurtalash tizimi rivojlanganini va rasmiy daromadi boʻlmagan ipoteka oluvchilar ulushi 2024-yilda 43 foizgacha kamayganini qayd etdi.

Bundan tashqari, mahalliy moliya sektorining kuchli tomonlari sifatida XVJ riskka yoʻnaltirilgan yondashuvni joriy etishni, davlat banklarini xususiylashtirish strategiyasining yaratilishini va sanatsiya toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinganini ta’kidladi. Mutaxassislar, shuningdek, korporativ boshqaruv sifatining oshganini va banklarning minimal ustav kapitali 500 mlrd soʻmgacha koʻtarilganini qayd etdi.

Biroq Oʻzbekiston Markaziy banki faoliyati hanuz ijro hokimiyati organlariga kuchli darajada bogʻliq va riskka yoʻnaltirilgan nazorat hozircha iqlimiy hamda operatsion xatarlarni yetarlicha hisobga olmaydi. XVJ muammoli aktivlarni hisobga olishdagi kamchiliklarni hamda davlat korxonalariga kredit berish ustidan nazoratning sustligini tilga oldi.

Jamgʻarma Oʻzbekistonga Markaziy bank mustaqilligini kuchaytirish, risk-menejment boʻyicha qat’iyroq mezonlarni joriy etish, tizim ahamiyatiga ega banklar ustidan nazoratni takomillashtirish va Basel III standartlariga muvofiq ma’lumotlarni oshkor etishga oʻtishni tavsiya qildi.

Avvalroq O‘zbekistonda ikki oyda 73 ming kishi o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlagani haqida yozgandik.

Shuningdek