O‘zbekistonda ilk bor avtotransport vositalari temir yo‘l orqali tashildi

«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ va Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida O‘zbekistonda birinchi marta kontreyler (Ro-La) tashuvlari sinov tariqasida amalga oshirildi.
Bu usulda avtotransport vositalari temir yo‘l platformalariga joylashtirilib, Toshkent stansiyasidan Hamza stansiyasigacha muvaffaqiyatli yetkazildi.

Loyiha transport sohasini modernizatsiya qilish, avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish va yo‘l infratuzilmasiga yuklamani pasaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday tashuvlar CO₂ chiqindilarini kamaytirish va «yashil» logistika rivojiga hissa qo‘shadi.
Bundan avval O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga transport koridori orqali ilk eksport yuk tashuvini amalga oshirgani haqida yozgandik.
Ushbu transport koridorining ayrim qismlari murakkab relyefga ega bo‘lgan Oltoy tog‘lari orqali o‘tadi va 1500 metr balandlikka ko‘tariladi. O‘zbekiston milliy yuk tashuvchisi ushbu 4500 kilometr masofani 8 kunda bosib o‘tdi.