O‘zbekistondagi Umra tashkilotchilari endi «sirli mijoz» orqali tekshiriladi

eʼlon qilindi
«Sirli mijoz» tekshiruvlari davomida xodimlar oddiy mijoz qiyofasida safar tashkilotchilariga murojaat qiladi
umra
O‘zbekistondagi Umra tashkilotchilari endi «sirli mijoz» orqali tekshiriladi. Foto: depositphotos

O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil etuvchi kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar endi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan «sirli mijoz» usuli orqali tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Bu usulning joriy etilishi ziyoratchilar huquqlarini himoya qilish, noqonuniy xizmatlar oldini olish hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «sirli mijoz» tekshiruvlari davomida xodimlar oddiy mijoz qiyofasida safar tashkilotchilariga murojaat qiladi. Ular litsenziya mavjudligini, safar davomiyligi, narxlar, to‘lov usullari, yashash va transport sharoitlari kabi ma’lumotlarni so‘rab aniqlashadi. Agar zarur bo‘lsa, tekshiruv jarayonida yashirin audio yoki video yozuvlar ham olib boriladi.

Mazkur tadbir faqat quyidagi sabablar bilan o‘tkaziladi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Umra xizmatini ko‘rsatish faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumot, tahlil va xulosalar;
  • ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalarda tarqalgan ma’lumotlar;
  • «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rta va yuqori darajada baholangan tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Agar tekshiruv natijasida qoidabuzarliklar aniqlansa, to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi yoki rasmiy tartibda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi.

Bundan avval Umra reklamasi bo‘yicha litsenziyasiz ishlagan uchta turfirma jarimaga tortilgani haqida yozgandik.

Bundan tashqari, Telegram kanali va Instagram sahifalarida Umraga oid noqonuniy reklama bergan sakkizta fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek