Tramp ma’muriyati Garvarddan patentlarni tortib olish bilan tahdid qildi

Donald Tramp ma’muriyati Garvard universitetini yuzlab million dollarlik patentlardan mahrum qilish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Unga ko‘ra, universitet federal grantlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblangan.
Shuningdek, AQSh savdo vaziri Govard Latnik Garvard prezidenti Alan Garberga yo‘llagan maktubida universitet soliq to‘lovchilarga bo‘lgan majburiyatlarini bajarmayotganini aytgan. Unga ko‘ra, bu Bayh–Dole qonuniga asosan patentlarni olib qo‘yish imkonini beradi. Mazkur qonun federal mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan tadqiqotlar natijalaridan foydalanishni tartibga soladi.
Garvard 5-sentabrgacha talablarni bajarayotganini, jumladan, Amerika ishlab chiqarishiga ustuvorlik berayotganini isbotlashi kerak. Aks holda hukumat patentlarni olib qo‘yishi yoki ularni uchinchi shaxslarga litsenziyalashi mumkin.
Universitet bu qarorni «o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilgani uchun navbatdagi hujum» deb atadi. Universitet vakilining ta’kidlashicha, Garvard Bayh–Dole qonuniga rioya qiladi va federal mablag‘lar asosida yaratilgan innovatsiyalarga jamoatchilik kirishini ta’minlaydi.
Bundan avval Tramp ma’muriyati Garvardga xorijiy talabalarni qabul qilishni taqiqlashga uringandi, ammo sud bu qarorni bekor qildi.
Shundan so‘ng Donald Tramp ma’muriyati xorijiy talabalar va almashinuv dasturlari bo‘yicha vizalar berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu qaror talabalar ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi asosida yanada chuqurroq tekshiruv joriy etilishi arafasida qabul qilindi.
Ushbu qarordan keyin hukumat viza olishda yangi to‘lov joriy etishga erishdi. Bunda AQShga safar qilishni rejalashtirayotgan deyarli barcha xorijliklar endi «Visa Integrity Fee» deb nomlangan yangi viza to‘lovni to‘lashlari kerak bo‘ladi. Mazkur $250 lik to‘lov shu yilning 1-oktabridan boshlab kuchga kiradi.
To‘lov turistik maqsadda tashrif buyuruvchilarga, ishchi, talabalar hamda almashinuv dasturlari vizalariga ariza topshiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi. Bu mablag‘ AQSh vizasi olish uchun hozirgacha to‘lanib kelinayotgan $185 dan tashqari undiriladi.