Ai-92 benzin narxi arzonlashtirildi – «Oʻzbekneftgaz»

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli avtobenzin narxi pasaytirildi. Bu haqda 11-avgust kuni «Oʻzbekneftgaz» matbuot xizmati xabar berdi.
Birja savdolarida 1 tonna Ai-92 benzinning boshlangʻich narxi 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushdi. Bu 1 litr narxi 9,4 ming soʻmga teng.
Kompaniya ma’lumotiga koʻra, narx pasayishi ishlab chiqarish hajmini oshirish va tannarxni kamaytirish orqali amalga oshirildi. Mazkur chora aholini arzon va sifatli yoqilgʻi bilan ta’minlash hamda yoqilgʻi bozori barqarorligini saqlash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
«Oʻzbekneftgaz» yuqori oktanli yonilgʻi narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirishni davom ettiradi. 2025-yil sentabrdan Ai-80 benzini ishlab chiqarish toʻxtatiladi va 2026-yildan faqat yuqori oktanli benzin sotuvga chiqariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AI-80 benzini yil boshidan beri 16 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.