
Majburiy ijro byurosi (MIB) Bekobod shahar davlat ijrochisi mansab vakolatidan foydalanib, fuqarodan ishini bitirib berish evaziga pora olgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, MIB xodimi Bekobod tumanida yashovchi fuqaroning aliment qarzdorligi uchun qo‘yilgan chet elga chiqish taqiqini bekor qilib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa 20 mln so‘m berishni talab qilgan. U mazkur pulning 13 mln so‘mini olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, davlat ijrochisi ushbu «xizmati» evaziga avvalroq $450 va 1,3 mln so‘m ham olgan. Ushbu holatlar yuzasidan mazkur shaxs Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra aybli deb topildi va olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bundan tashqari, u ikki yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.
Bundan avval Xorazmda soxta mehnat staji tayyorlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.