
Xitoyda BYD’ning yangi BYD Fang Cheng Bao Ti7 krossoveri ommaviy ishlab chiqarila boshladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu yirik besh o‘rinli plug-in gibrid SUV oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan. Model yangi DMS gibrid tizimiga ega bo‘lib, 1,5 litrli benzin dvigateli va ikki elektromotor bilan ishlaydi.

Fang Cheng Bao – BYD’ning 2023-yilda ishga tushgan yuqori toifadagi off-road brendi. Hozirgi model qatoriga Bao 5, Bao 8 va Ti3 kiradi. Ti7 esa kompaniyaning to‘rtinchi avtomobili bo‘ladi. Ommaviy ishlab chiqarish 11-avgust kuni boshlandi.
Birinchi ishlab chiqarilgan Ti7 kumush-ko‘k rangda bo‘lib, tomida LiDAR sensori o‘rnatilgan. Shuningdek, qora rangdagi modellarning ham ishlab chiqarilgani ko‘rsatildi.
Ti7’ning Xitoy bozoriga chiqishi 2025-yilning to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan. Narxi 250 ming–300 ming yuan ($34,8 ming – $41,7 ming) oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy raqobatchilari Li L7 va Aito M7 bo‘lishi kutilmoqda.

Avtomobil o‘lchamlari 4999×1995×1865 mm, g‘ildirak bazasi 2920 mm. Old qismi baland, tomi tekis, orqa eshigi yon tomonga ochiladi va unda qo‘shimcha saqlash qutisi bor. Ichki makon besh o‘rindiqli bo‘lib, qora-oq yoki qora-to‘q sariq rangli variantlarda taklif etiladi.
DMS tizimida 115 kVt quvvatli 1,5 litrli turbo dvigatel va oldi 160 kVt hamda orqa 200 kVt quvvatli elektromotorlar ishlaydi. Yagona 200 kVtli elektromotorli versiyasi ham mavjud.
Boshlang‘ich versiyada FinDreams ishlab chiqargan 26,6 kVt·soat LFP batareya bor, elektr yurish masofasi 100–105 km. Yonilg‘i sarfi 6,3 l/100 km. Eng yuqori komplektatsiya 35,6 kVt·soat batareya bilan 130 km masofa bosadi. Yonilg‘i sarfi esa 6,4 l/100 kmni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Song Plus EV uch marta chaqmoq urishiga uchragani haqida yozgan edi.