Yangiliklar

DXX bir necha korrupsion holatlarni fosh etdi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
DXX bir necha korrupsion holatlarni fosh etdi / Foto: Sun’iy intellekt

DXX va huquq-tartibot idoralari hamkorligida bir necha korrupsion holatlar aniqlandi va oldi olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Buxoro viloyatida ichki ishlar xodimi $13 ming pora olib, jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan qismini tugatishda yordam berishda ushlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida qo‘riqlash boshqarmasi xodimi mansabini suiiste’mol qilgan holda ishga kiritish uchun $1,5 ming talab qilib, oldindan $1 mingni olgan paytda ushlandi.

Toshkent xalqaro aeroportida migratsiya inspektori voyaga yetmagan shaxs pasportiga tezlashtirilgan shtamp berish uchun $400 pora olgani aniqlandi. Bundan tashqari, u 2025-yil boshidan buyon bir necha xorijiy fuqarolar va O‘zbekiston fuqarolaridan ham pora olgan.

Hozirgi kunda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari ochilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi, tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan Xorazmda soxta mehnat staji tayyorlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan edi.