Yangiliklar

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan tadbirkor va fermerlarga ish ochildi

Jami 317,8 mln so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangan
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan tadbirkor va fermerlarga ish ochildi. Foto: Prokuratura departamenti

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatidagi tekshiruvlarda tadbirkor va fermerlarning elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «P.K.» MChJ mas’ullari Yashnobod tumanidagi «G‘ozal» MFYda joylashgan binosida suv nasoslarini umumiy elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulagan. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Olimlar» MFY mas’ullari ham MFY binosida shunday qilgan. Natijada jami 236,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Xuddi shunday holat, Qashqadaryoning Qamashi va Chiroqchi tumanlarida ham aniqlangan. Ushbu tumanlardagi ikkita fermer xo‘jaligi suv nasoslarini tijorat maqsadida umumiy elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagan. Buning natijasida esa 81 mln so‘mlik elektr energiyasini noqonuniy ishlatgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Bundan avval joriy yilda 622 mlrd so‘mlik energiya resurslari noqonuniy ishlatilgani haqida yozgandik.