
2025-yil 11-avgustda Xalqaro moliya institutlari (XMI) tomonidan O‘zbekiston milliy valyutasida nominallashtirilgan obligatsiyalarni chiqarish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini belgilovchi nizom qabul qilindi. Bu haqda ILMA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur nizom prezidentning uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirishga oid farmoni ijrosini ta’minlash uchun xalqaro tajriba va moliya institutlari tavsiyalariga asoslanib ishlab chiqildi.
Yangi tartib XMIlarga O‘zbekistonda loyihalarni moliyalashtirish uchun obligatsiyalar chiqarishga va mahalliy birjada joylashtirishga imkon yaratadi, shuningdek, investorlarga portfellarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Nizomda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish soddalashtirilgani, hujjatlar elektron shaklda taqdim etilishi va jarayonlar muddatining qisqartirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu esa ichki qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish, moliyaviy instrumentlar turini kengaytirish va investorlar ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilgan edi.