
Eron oliy rahbari maslahatchisi Ali Akbar Velayati AQShga 99 yilga topshirilishi rejalashtirilayotgan Zangazur transport koridoriga keskin qarshi chiqdi. Bu haqda TRT nashri ma’lum qildi.
Ushbu yo‘l Naxchivon va Ozarbayjon asosiy hududini bog‘lab, Osiyo hamda Yevropa o‘rtasidagi muhim savdo yo‘liga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Velayati Kavkazning eng nozik geosiyosiy hududlardan biri ekanini aytib, koridor «Trampning tranzit yo‘li» emas, balki «uning yollanma askarlari uchun qabriston» bo‘lishini ta’kidladi. U Rossiya ham loyihaga qarshi ekaniga ishonishini bildirdi va Eron Moskvadan mustaqil ravishda Janubiy Kavkaz xavfsizligini himoya qilishga tayyorligini aytdi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Armaniston yurisdiksiyasida qoladi, AQSh esa uni qurish va boshqarish uchun konsorsiumga ijaraga beradi. The Economist loyihaning amalga oshirilishi Rossiya ta’sirini kamaytirishi mumkinligini yozdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQShdan havo hujumlari uchun tovon puli talab qilgan edi.