«Hamkorbank» imtiyozli aksiyalari 11 foizga o‘sdi, «O‘zbektelekom» 8,6 foizga tushdi

«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 4-avgustdan 8-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,05 foizga tushdi.
Bundan avvalgi ikki hafta davomida ham ushbu indeks pasayishni qayd etgandi. O‘tgan haftada undan oldingi davrga nisbatan ko‘plab aksiyalar narxi pasaydi, ammo ba’zi aksiyalar keskin o‘sdi.
Masalan, «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,07 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qo‘qon mexanika zavodi» (+7,87%) va «Biokimyo» (+6,24%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «O‘zbektelekom» aksiyalari (imtiyozli) 8,58 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (-3,97%) va «Olmaliq KMK» imtiyozli aksiyalari (-3,67%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqat «Ipoteka-bank» oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Kapital sug‘urta» (1 116 ta), «O‘zRTXB» (396 ta) va «Qizilqumsement» (367 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (13,69 mlrd) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (107,27 mln so‘m) va «Elektrqishloqqurilish» aksiyalari (89,04 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan to‘qqiztasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, qolgan 13 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 17,90 mlrd so‘m bo‘ldi.
Bundan oldin ham Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-iyuldan 1-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,7 foizga tushgandi.
Ushbu davrda «O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 3,82 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zRTXB» (+3,32%) va «Ipak yo‘li» (+3,11%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Qo‘qon mexanika zavodi» aksiyalari 12,71 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Biokimyo» (-11,10%) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalari (-6,57%) ham pasayish bilan ajralib turdi.