
Angliya superkubogi bahsida Premyer-liga chempioni «Liverpul» va mamlakat kubogi sohibi «Kristal Pelas» «Uembli» stadionida toʻqnash keldi.
Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. «Liverpul» safida Ugo Ekitike 4-daqiqada, Jeremi Frimpong 21-daqiqada gol urdi. «Kristal Pelas»dan Jan-Filipp Mateta 17-daqiqada, Ismaila Sarr 77-daqiqada javob qaytardi.
Qoʻshimcha boʻlimlar oʻtkazilmadi va gʻolib penaltilar seriyasida aniqlandi. «Kristal Pelas» 3:2 hisobida ustun keldi. «Liverpul»dan Muhammad Saloh zarbani aniq bajara olmadi, Aleksis Makallister va Xarvi Elliotning zarbalarini esa darvozabon Din Henderson qaytardi.
Shu tariqa Oliver Glasner boshchiligidagi «Kristal Pelas» tarixida ilk marta Angliya superkubogini qoʻlga kiritdi. Jamoa bundan avval finalda «Manchester Siti»ni 1:0 hisobida magʻlub etib, ilk bor mamlakat kubogini ham yutgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Chelsi» yangi formatdagi Klublar oʻrtasida jahon chempioni boʻlgani haqida xabar bergan edi.