Ozarbayjon Ukrainaga 2 mln dollarlik gumanitar yordam ajratdi

eʼlon qilindi
Ozarbayjon ilgari ham Ukrainaga bir necha bor gumanitar yordam yoʻllagan
Foto: president.az

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Energetika vazirligiga Ukrainaga gumanitar yordam koʻrsatish uchun $2 million ajratish haqida farmoyish imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mablagʻ Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan elektr uskunalarini sotib olib, Ukrainaga gumanitar yordam sifatida yuborishga sarflanadi.

Bu qaror Kiyev va Boku oʻrtasidagi energetika hamkorligiga qaratilgan bosimlar ortidan qabul qilindi. 10-avgust kuni Aliyev va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ozarbayjonning Ukrainadagi neft ombori hamda gaz yetkazib beruvchi kompressor stansiyasiga qilingan «Rossiya hujumlari»ni qoraladi.

Caliber.az xabariga koʻra, 8-avgustga oʻtar kechasi Odessadagi SOCAR neft bazasiga hujum uyushtirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa 2–8-avgust oraligʻida Ukrainadagi harbiy va energetika infratuzilmasiga zarbalar berilganini bildirdi.

Ozarbayjon prezidenti farmoyishida ikki davlat oʻrtasidagi strategik hamkorlik va doʻstona aloqalar tilga olingan. Aliyevning taʼkidlashicha, Ozarbayjon ilgari ham Ukrainaga bir necha bor gumanitar yordam yoʻllagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tarixiy tinchlik kelishuvi imzolangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek