
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Qozogʻistonga janubiy hududlardagi sugʻorish suviga boʻlgan taqchillikni bartaraf etish uchun 600 million kub metr suv yetkazadi. Bu haqda Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Kanat Bozumbayev ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston janubida hozirgi vaziyat zudlik bilan choralar koʻrishni talab qilmoqda. Sirdaryo, Shu, Talas daryolari va boshqa kanallardagi suv oqimi odatdagidan 30 – 40 foizga kamaygan. Yozning anomal issiqligi va yogʻingarchilik yetishmasligi sabab suv sarfi ortgan.
Bozumbayevning aytishicha, bosh vazir Oljas Bektenov Oltoydagi Xalqaro ekologik konferensiya chogʻida qirgʻizistonlik va oʻzbekistonlik hamkasblari bilan kelishuvga erishgan. Soʻngra barcha zarur maslahatlashuvlar oʻtkazilgan.
«Oʻtgan haftada ular bizga suv yetkazib berish jadvalidan bir mlrd kub metrdan ortda qolishdi. Kelgusi ikki haftada 600 mln kub metrga yaqin suvni biz tomonga yoʻnaltirishga kelishdik. Vegetatsiya davri avgustda tugaydi. Vaziyat keskin, ammo bundan ham ogʻir yillar boʻlgan», dedi Bozumbayev.
U, shuningdek, hosil sugʻorish suvi bilan taʼminlanishini, holat har kuni nazorat ostida ekanini va koʻrilgan tezkor choralar vaziyatni sezilarli darajada barqarorlashtirganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chorvoq suv omboriga tomorqa va yomgʻir suvlari oqizilgani haqida xabar bergan edi.