Yangiliklar

Radio binosidagi infratuzilma muammosi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

Bino 1966-yilda qurilgan
Radio binosidagi infratuzilma muammosi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi / Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Kadirxanova O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Abdurashid Juraboyevga senator so‘rovi yo‘lladi. Bu haqda Senat rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

So‘rovda Toshkentdagi 1966-yilda qurilgan Toshkent radioeshittirish uyi binosida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay va xavfsiz mehnat muhitini yaratish masalasi ko‘tarildi. Binodagi yagona lift 1982-yildan buyon ishlatilgan bo‘lib, 2023-yildan beri texnik talabga javob bermagani sababli foydalanilmayapti. Bu holat 600 xodim, 2 mingdan ortiq mehmonlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshi katta xodimlar uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Shuningdek, yuqori qavatlarga chiqish uchun zarur bo‘lgan pandus, maxsus to‘siq va nogironlar aravachasi ko‘targichlari mavjud emas. Takroriy murojaatlarga qaramay, liftni yangilash yoki muqobil yechim joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan.

Senator so‘rovida lift tizimini zamonaviy xavfsizlik me’yorlariga moslashtirish va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish borasida ko‘rilayotgan choralar haqida asosli ma’lumot berish talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq issiqxonalar muammosi bo‘yicha vazirga senator so‘rovi yuborilgan edi.