Toshkentda 2025-yil so‘ngigacha 50 mingta «aqlli» suv hisoblagich o‘rnatiladi

2025-yil oxirigacha poytaxtda 50 ming dona «aqlli» sovuq suv hisoblagichi o‘rnatiladi. Bu haqda «Toshkent shahar suv ta’minoti» matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga ma’lum qildi.
Ularni iyul oxiridan boshlab Yangihayot tumanida o‘rnatish boshlandi. Avvalroq qurilmalar ikki yil davomida Shayxontohur tumanida sinovdan o‘tkazilgan.
Loyiha Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va yetti yilga mo‘ljallangan.
Yangi tizim hisob-kitoblarni qo‘lda kiritish zaruratini yo‘qotadi. Ma’lumotlar avtomatik tarzda onlayn bazaga uzatiladi.
Bu xatoliklarni kamaytiradi, iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etadi hamda shahar suv taqsimotini samarali boshqarishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardon turizm loyihasiga qiziqish bildirgani haqida yozgan edi.