2025–2028-yillar uchun suv xo‘jaligi va irrigatsiya tizimini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi

Shavkat Mirziyoyev suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar taqdimoti bilan tanishib, 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini ma’qulladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dastur doirasida 2 551 km irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, nasos stansiyalaridagi eski uskunalar tejamkoriga almashtiriladi va elektr iste’moli kamaytiriladi.
424 ming gektar suv ta’minoti past yerlar 276 ming gektargacha qisqartiriladi, 460 ming gektar foydalanilmayotgan maydon qayta ekishga yaroqli holga keltiriladi. 1,4 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish joriy etiladi.
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish maqsadida 12 ming meliorativ quduq va 1 750 nasosda zamonaviy monitoring tizimi o‘rnatiladi, 12 yirik inshoot avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi. Dastur natijasida 2028-yilga kelib 14 mlrd kub metr suv tejash kutilmoqda.
Shuningdek, yirik nasoslarni xususiy sektorga berish, «Suv yetkazib berish xizmatlari» muassasalariga mustaqil moliyaviy boshqaruv huquqi berish va 200 o‘rinli malaka oshirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandni 2030-yilgacha rivojlantirish rejasi tasdiqlangan edi.