AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tarif kelishuvi yana 90 kunga uzaytirildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan tarif kelishuvini yana 90 kunga uzaytirdi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp tegishli hujjatga imzo chekkan. Agar hujjat kuchga kirmaganida Xitoydan keltiriladigan importga bojxona boji 145 foizgacha oshishi mumkin edi.
Amerika OAVga ko‘ra, Oq uy amaldorlari bu 90 kun ichida aniq savdo kelishuvi imzolanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shu vaqt ichida Pekin va Vashington o‘zaro savdo-sotiq bo‘yicha pozitsiyalarini aniqlashtirish uchun muzokaralar olib boradi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi bu yil bahorda boshlandi. Tramp AQShga tovar import qiluvchi davlatlar uchun boj stavkalarini keskin oshirdi. Eng katta yuk Xitoyga tushdi — Xitoy mahsulotlariga tariflar 245 foizgacha ko‘tarildi. Javoban Xitoy ham AQSh mahsulotlariga boj stavkasini 125 foizgacha oshirdi.
Biroq may oyida tomonlar muzokaralar haqida gapira boshladi. 11-iyunda Tramp AQSh va Xitoy savdo hamda bojxona bo‘yicha kelishuvga erishganini aytdi. 27-iyunda esa Oq uydagi tadbirda hujjatga imzo chekkanini ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, AQSh Xitoy tovarlariga boj stavkasini 145 foizdan 55 foizgacha tushiradi, Xitoy esa AQSh mahsulotlariga qo‘yilgan bojni 125 foizdan 10 foizgacha kamaytiradi. Ammo bu kelishuv faqat 90 kun amal qiladi, ya’ni vaqtinchalik. Tomonlar hali to‘liq va yakuniy bitimga erishmagan.
Bundan avval Tramp Xitoyning Rossiya neftini sotib olishini keskin tanqid qilib, bojlarni oshirish bilan ogohlantirgani haqida yozgandik.