Yangiliklar

Buxoro viloyatidagi besh ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi

Unda eksportbop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi
Buxoro viloyatidagi besh ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi / Foto: Smartm

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi loyihalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi sakkiz yilda viloyatga $8 mlrddan ortiq investitsiya jalb qilinib, sanoat sohasida 6 mingta yangi korxona ochildi, sanoat mahsulotlari hajmi 6 barobardan oshdi. Turizm rivojlanib, yillik sayyohlar soni 1,7 mlnga yetdi.

2024-yilgi qarorga muvofiq, joriy yilning 6 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,3%ga oshdi, 198 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, yalpi hududiy mahsulot 6,4%ga o‘sdi. «Islohotlar shtabi» yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda – Peshku tumanida grafit qazib olish, Vyetnam va Hindiston kompaniyalari turar joy va jarrohlik markazi qurishni rejalashtirmoqda.

Viloyatda 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 32 ming yangi ish o‘rni yaratiladi. Peshkuda arzon issiqxonalar qurilib, eksportbop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, viloyat bo‘ylab 5 ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi. Meva bog‘lari barpo etish va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham rejalar belgilandi. Sanoat sohasida neft-gaz korxonalari va quyosh-shamol stansiyalari qurilishi jadallashmoqda.

Viloyat rahbarlari kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish hamda daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdim etdilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxorodagi muqaddas ziyoratgohlar haqida yozgan edik.