ChatGPT maslahatini tinglagan odam jinnixonaga tushdi

AQShda bir erkak ChatGPT maslahatiga amal qilib, uch oy davomida ovqatiga tuz o‘rniga bromid sepgan. Natijada u og‘ir zaharlanish va psixozga chalingan holda majburiy ravishda ruhiy shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Annals of Internal Medicine xabar berdi.
Bemor paranoya alomatlari bilan shifoxonaga tushgan, ko‘ziga turli narsalar ko‘rinib, suv ichishdan bosh tortgan. Uning aytishicha, uni qo‘shnisi zaharlagan. Tekshiruv natijasida uning bromid bilan zaharlangani aniqlangan va psixiatriya bo‘limiga joylashtirilgan.
Sun’iy intellekt maslahati
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u tuz iste’molini kamaytirish uchun sun’iy intellekt’dan (SI) tuz o‘rniga nima ishlatish mumkinligini so‘ragan. SI esa unga bromiddan foydalanishni maslahat bergan. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, SI bromidning xavfli ekanini ogohlantirmasdan, uni tuz o‘rnida ishlatishni tavsiya qilgan.
Shifokorlarning aytishicha, bromid avvallari tibbiyotda qo‘llangan, ammo u zaharli bo‘lgani uchun uzoq muddat iste’mol qilish taqiqlangan. Hozir u faqat veterinariya dorilarida va ba’zi oziq-ovqat qo‘shimchalarida uchraydi.
Hozir mazkur amerikalik to‘liq sog‘ayib, uch hafta ichida shifoxonadan chiqarilgan.
Bundan avval OpenAI rahbari Sem Altman ChatGPT bilan bo‘lgan suhbatlar shifokor, yurist yoki psixoterapevt bilan olib boriladigan suhbatlardek huquqiy himoyaga ega emasligini aytgandi.