
Dreame Technology shu oy oxirida dunyodagi ilk ikki qo‘lli pol yuvish robotini chiqarishini e’lon qildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Kompaniya uni inson kabi ishlay oladigan va sun’iy intellekt yordamida samaradorlikni oshiradigan qurilma sifatida ta’rifladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, robot ikki sun’iy intellektli qo‘l bilan jihozlangan. Ulardan biri qattiq kirlarni intensiv tozalasa, ikkinchisi burchaklarni tozalash va suv dog‘larini ketkazish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon «o‘zaro uyg‘un va to‘ldiruvchi» tozalash tizimini yaratadi. Dreame robot hatto saqich kabi o‘jar dog‘larni ham olib tashlashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hozircha kompaniya qurilma haqida qo‘shimcha texnik tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda 100 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladigan robot it taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.