Yangiliklar

Ilon Mask Apple’ni App Store reytinglari bo‘yicha sudga beradi

Antimonopoliya qoidalarini buzganlik ayblovi bilan
Ilon Mask Apple’ni App Store reytinglari bo‘yicha sudga beradi / Foto: TED

Ilon Maskning sun’iy intellekt startapi xAI Apple’ga qarshi antimonopoliya qoidalarini buzganlik aybi bilan sudga murojaat qilmoqchi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Maskning ta’kidlashicha, Apple OpenAI’dan boshqa kompaniyalarga App Store’da birinchi o‘ringa chiqish imkonini bermayapti.

Hozirda App Store’da ChatGPT birinchi o‘rinda, xAI’ning Grok chatboti beshinchi, Google’ning Gemini esa 57-o‘rinda. Apple OpenAI bilan hamkorlik qilib, ChatGPT’ni iPhone, iPad va Mac qurilmalariga integratsiya qilgan.

Maskning da’volari Apple’ning App Store siyosati ustidan regulyatorlar va raqobatchilar tanqidini kuchaytirayotgan bir paytda yangradi. Yevropa Ittifoqi bu yil kompaniyaga 500 mln yevro jarima solgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask Hindiston hukumatini sudga bergan edi.