
Mantilar bizga Xitoydan ko‘chmanchilar orqali kirib kelgan. Har bir oshxonada ular manti bo‘lib qoladi, ammo uyg‘ur oshxonasida o‘ziga xos kichik farqlar mavjud.
Uyg‘urlarda qiymada qancha ko‘p piyoz bo‘lsa, mantilar shuncha shirador va mazali chiqadi. Uyg‘urcha mantilar «boshoq» usulida yopiladi, bu esa yangi boshlagan oshpazlarda har doim ham osonlikcha o‘xshayvermaydi.
Kursiv Uzbekistan bugungi dasturxoningizni uyg‘urcha mantilar bilan to‘ldirish uchun ushbu taom retseptini taqdim etadi.
Kerakli masalliqlar
Mahsulot | Miqdori | |
---|---|---|
Xamir uchun | Un | 400 g |
Suv | 135 ml | |
Tuz | 0,5 choy qoshiq | |
Tuxum | 1 dona (yirik) | |
Qiyma uchun | Go‘sht (mol va qo‘y aralash) | 500 g |
Piyoz | 400 g | |
Dumba yog‘i | 80 g | |
Tuz | 1 choy qoshiq | |
Suv | 70 g | |
Qora murch | 1 choy qoshiq | |
Koriandr (kinza) | 0,5 choy qoshiq |
Xamir tayyorlash
Xamir uchun kerakli mahsulotlarni o‘lchang. Suvga tuz va tuxumni qo‘shib aralashtiring. Unni asta-sekin solib, qattiqroq, ammo elastik xamir qorib oling. Xamirni stol ustida qo‘shimcha un qo‘shmasdan biroz qo‘shimcha qorib oling. Paketga o‘rab, 1 soat dam olishga qoldiring.
Qiymani hozirlash
Go‘sht va dumba yog‘ini mayda (1 sm dan kichik) bo‘laklarga to‘g‘rang. Piyozni pichoq bilan mayda qilib to‘g‘rang. Qiymaga tuz, qora murch va koriandr qo‘shing. Qo‘llaringiz bilan aralashtirib, piyoz va yog‘ning shirasini chiqaring. Suv qo‘shib, yanada shirador bo‘lishini ta’minlang.
Go‘shtni go‘sht maydalagichdan o‘tkazmasdan, mayda bo‘laklarga to‘g‘rab ishlatish tavsiya etiladi — ta’mi butunlay boshqacha bo‘ladi.
Xamirni kesish va yoyish
Tingan xamirni yong’oqdan sal maydaroq bo’lakchalarga bo‘ling. Bo‘laklarni un sepib, biroz yassilang. Har bir bo‘lakni 10–13 sm diametrli yupqa doira qilib yoying. O‘rtasi biroz qalinroq, chetlari esa juda yupqa bo‘lishi kerak.
Mantini tugish
Har bir doiraning o‘rtasiga qiymadan soling. «Boshoq» usulida yopib chiqing — chetlarini navbat bilan bosh barmoq va ko‘rsatkich barmoq bilan qisib yoping. Bu usulni to‘liq o‘rganish uchun videolarni ko‘rish foydali bo‘ladi.
Bug‘da pishirish
Mantiqasqonning qatlamlarini o‘simlik yog‘i bilan yog‘lang. Qaynayotgan suv ustiga mantilarni tering. 45 daqiqa davomida bug‘da pishiring.
Pishgan mantilarni darhol issiq holda, achchiq adjika yoki qatiq bilan torting. Qiyma shirasi juda ko‘p bo‘lgani uchun mantini kesmasdan, qo‘l bilan yeyish tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yaponcha Teriyaki qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.