Kommunal xizmatlar va kichik miqdordagi qarzlar bo‘yicha ijro ishlari soddalashtiriladi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ishlar doirasi kengaytiriladi. Bunga videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal xizmatlar va ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklar, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshmaydigan ijro hujjatlari kiradi.
Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi takliflariga asosan, bunday ishlar yuzasidan undiruv qarzdor jismoniy shaxslarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lariga qaratilmaydi.
Qonun normalari undiruv jarayonini samaraliroq qilish, oddiy ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarni ortiqcha bezovta qilmaslik va taqiq hamda cheklovlarsiz undiruvni amalga oshirish imkonini beradi.
Mazkur qonun loyihasi bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Bundan avval davlat organlarida ijro intizomi ustuvor vazifaga aylantirilishi va bunga doir prezident farmoni tasdiqlangani haqida yozgandik.