
Malayziyaning Zetrix kompaniyasi NurAI nomli sun’iy intellekt (SI) asosidagi islomiy chat-botni taqdim etadi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Chat-bot uchun yirik til modelini Xitoyning DeepSeek texnologiyalari asosida yaratishgan va uni keng qamrovli diniy matnlar bazasida o‘qitishgan. Yaratuvchilarning ta’kidlashicha, neyrotarmoq shariat qonunlarini yaxshi biladi va an’anaviy islomiy qadriyatlarga yo‘naltirilgan.
NurAI kundalik turmush, ovqatlanish, sog‘liq bo‘yicha tavsiyalar berish, shuningdek, din va ma’naviy rivojlanish haqida suhbatlashish imkonini beradi. Bir necha oy ichida chat-botga foydalanuvchi murojaat qilishi mumkin bo‘lgan islom olimlarining avatarlarini qo‘shish rejalashtirilmoqda.
Zetrix kompaniyasi vakillari ta’kidlashicha, chat-botni ishlab chiqish jarayoni islom olimlari va din xodimlari nazorati ostida olib borilgan. Modelni o‘qitishda qadimiy qo‘lyozmalarning skanlari ham ishlatilgan.
Kompaniya NurAI’ni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasidagi yirik musulmon mamlakatlari bozoriga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Chiqarilish paytida model malay, indonez, arab va ingliz tillarini qo‘llab-quvvatlaydi. Chat-botning asosiy funksiyalari bepul bo‘ladi, ilg‘or imkoniyatlar esa oyiga besh dollardan $50 gacha bo‘lgan turli obuna paketlari orqali taqdim etiladi.
Bundan oldin OpenAI GPT-5’ni taqdim etgani haqida xabar bergandik.