My Freighter Shanxaydan Amsterdamga yuk reyslarini yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekistonning My Freighter aviakompaniyasi Air Cargo APAC hamkorligida Shanxay–Amsterdam yo‘nalishida muntazam yuk reyslarini boshladi. Parvozlar Toshkent orqali amalga oshiriladi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan nashriga xabar berdi.
Birinchi samolyot 6-avgust kuni Amsterdamga uchdi. Kelgusida Boeing 767-300F samolyotlari haftasiga ikki marta qatnaydi. Toshkentdagi oraliq to‘xtash Markaziy Osiyo davlatlariga eksport-import yuklarini tashish imkonini beradi.
Mazkur yo‘nalish orqali reyslar Dubay va Istanbul kabi gavjum aeroportlarni chetlab o‘tadi. My Freighter Shanxaydan Yevropaga yuk oqimi ortishi fonida katta talab bo‘lishini kutmoqda.
Asosiy yuklar qatoriga avtomobil ehtiyot qismlari, yarimo‘tkazgichlar, elektronika va boshqa tez yetkazilishi zarur bo‘lgan mahsulotlar kiradi.
Avvalroq Air China Urumchi — Toshkent yo‘nalishida birinchi parvozni amalga oshirgani haqida yozgan edi.