Yangiliklar

O‘zbekistonning Fijidagi birinchi elchisi tayinlandi

Elchixona qarorgohi Tokio shahrida joylashgan
Oʻzbekistonning Fijidagi ilk elchisi ishonch yorliqlarini topshirdi / Foto: «Dunyo AA

Oʻzbekistonning Fijidagi (qarorgohi Tokio shahrida) ilk elchisi etib tayinlangan Muhsinxoʻja Abdurahmonov Fiji prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, marosimda faxriy qorovul saf tortib, Oʻzbekiston madhiyasi yangradi va bayrogʻi ko‘tarildi.

Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Fiji yetakchisi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yuqori baholab, Oʻzbekistonning tinchlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan tashqi siyosatini e’tirof etdi.

Bu Oʻzbekiston tarixida Fiji davlatiga tayinlangan ilk elchi bo‘lib, Fiji tomoni buni muhim voqea sifatida qayd etdi. Diplomatik munosabatlar ikki davlat o‘rtasida 2010-yilda oʻrnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangan edi.