Qirg‘iziston davlat tilidan foydalanish talablarini kuchaytirdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tilidan foydalanish masalasida bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bir qator qonunlar va Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks normalarini «Davlat tili haqida»gi konstitutsiyaviy qonunga to‘liq muvofiqlashtirishga qaratilgan. Xususan, rasmiy hujjatlar, reklama materiallari, xaritalar, davlat va xususiy muassasalarning kommunikatsiyalarida qirg‘iz tilidan foydalanish majburiyati kuchaytirilmoqda.
Endi barcha rasmiy jarayonlar — huquqni muhofaza qiluvchi organlar, milliy xavfsizlik ishlari, notarial harakatlar va bank xizmatlarigacha davlat tilida amalga oshirilishi shart. Shuningdek, qonun migratsiya, televideniye, radio va saylov jarayonlarida qirg‘iz tilidan foydalanish talablarini kuchaytiradi.
Rasmiy xaritalar, ko‘rsatkichlar va hujjatlardagi nomlarga ham o‘zgartirishlar kiritildi.
Bundan avval Sadir Japarov internet va matbuot ustidan nazoratni kuchaytiruvchi qonunni imzolagandi.