Samarqand noni: biznes va milliylik uyg‘unligi

eʼlon qilindi
Ushbu maqolada Samarqand noni haqida qiziqarli faktlar aytiladi
Samarqand noni
Samarqand noni: biznes va milliylik mujassami / Foto: You Tube

Samarqand noni – O‘zbekistonning eng taniqli milliy taomlaridan biri, har bir to‘y-ma’rakada, har bir dasturxonda aziz sanaladigan ne’matdir. Samarqandda esa non shunchaki oziq-ovqat emas, balki shahar tarixi va madaniyatining ajralmas timsolidir. Ushbu maqolada Samarqand noni haqida qiziqarli faktlar aytiladi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:

Samarqand noni qanday tayyorlanadi

Foto: ZarNews

Ushbu non oddiy va tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadi. Un, suv, tuz va xamirturush kifoya. Oldin xamir qo‘lda qorilgan, hozir esa maxsus apparatlar ishlatiladi. Masalan, elektr mikserlar bir vaqtning o‘zida 50–60 kg unni aralashtira oladi.

Ammo xamir to‘liq tayyor bo‘lishi uchun vaqt va sabr kerak. Xamir iliq joyda, yopiq holda kamida 13–14 soat tindiriladi. Odatda novvoylar xamirni kechqurun qorib, tonggacha dam olishi uchun qoldirishadi. Shu vaqt ichida xamir oshadi va ta’mi yaxshilanadi.

Xamir yetilgach, undan zuvalalar olinadi. Har bir zuvalaga dumaloq shakl beriladi. Samarqand nonining cheti qalin, o‘rtasi esa yassiroq bo‘ladi. O‘rtasi ko‘tarilib ketmasligi uchun unga chekich (tamg‘a) bilan naqsh bosiladi.

Keyin non ustiga geometrik naqshlar tushiriladi. Shuningdek, markaziga mayda teshiklar qilinadi. Bu bug‘ chiqishi va non ichining yaxshi pishishi uchun kerak. Ba’zi ustalar non ustiga tuxum sarig‘i yoki eritilgan sariyog‘ surtadi. Shuningdek, qora sedana yoki kunjut sepiladi. Bular nonni yanada mazali va chiroyli qiladi.

Foto: Vikipediya

Novvoy Mamatqul Ergashevning aytishicha, jarayon mashaqqatli emas. Faqat rejali bo‘lishi kerak.

«Boshlab olsangiz bo‘laveradi. Xamir tayyor bo‘lguncha tandir yoqiladi. So‘ng non yopilib, pishgan nonlar uchun joy hozirlanadi,» – deydi u.

Samarqand novvoylari tandirda odatda gaz yoqmaydi. Ular mevali daraxt novdalarini – masalan, olma, o‘rik yoki tok shoxlarini quritib yoqadi. Shu sababli nonning hidi va ta’mi o‘zgacha bo‘ladi.

Diametri 1,2 metr bo‘lgan tandirga 14-18 ta Samarqand nonini yopish mumkin. Bir tandir nonni tayyorlash uchun o‘rtacha 9 kilogram un kerak bo‘ladi. Xamir tayyor bo‘lgan uni o‘lchab teng 15-16 donaga bo‘lish lozim.

Samarqand nonining tarixi va kelib chiqishi

Foto: X

Rivoyatlarga ko‘ra, sayyohlar va karvonlar uzoq yo‘lga otlanayotganda Samarqand nonini safar uchun olib ketishgan. Sababi, bu non uzoq vaqt buzilmay saqlangan. Hattoki, biroz suv sepib, tandirda qizdirilsa, yana yangi non kabi mazali bo‘lib qolgan.

Bugun bunday rivoyatlar afsona tuyulishi mumkin. Lekin ular nonning qadimdan qadrli bo‘lganini ko‘rsatadi.

Buxoro amiri va Samarqand noni haqidagi rivoyat

Eng mashhur hikoyalardan biri Buxoro amiri bilan bog‘liq. Rivoyatga ko‘ra, u Samarqandga kelib, bu yerdagi nonni tatib ko‘radi. Ta’midan hayratda qoladi va nonvoyni Buxoroga olib boradi. U yerda ham xuddi shunday non pishirishni buyuradi.

Nonvoy Buxoroda tandir yoqib non yopadi. Ammo non Samarqanddagidek mazali chiqmaydi. Amir buning sababini so‘raydi. Nonvoy avval «balki un boshqa joydan» deydi. Shunda Samarqanddan un keltiriladi. Ammo non baribir o‘zgacha chiqadi.

Keyin u «suvning ta’siri bo‘lishi mumkin» deydi. Samarqanddan suv ham olib kelinadi. Lekin bu ham foyda bermaydi. Oxiri, nonvoy: «Nonimning Samarqanddagidek chiqishi uchun, ehtimol, Samarqand havosi kerakdir», deydi.

Havoni olib bo‘lmagani uchun, amir nonvoyni ortga yuboradi. Shundan keyin nonni faqat Samarqanddan keltirishga majbur bo‘ladi. Bu rivoyat nonning aynan Samarqandga xosligini ramziy tarzda ko‘rsatadi.

Temur va Samarqand noni

Foto: Facebook

Tarixiy manbalarda ham Samarqand noni haqida ma’lumotlar bor. Amir Temur davrida non askarlar uchun asosiy oziq bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u 50 dan ortiq xil non tayyorlatgan.

Uzoq yurishlarda esa askarlar issiq non yeb yurishi uchun maxsus ko‘chma tandirlar qurdirgan. Temur zabt etgan shaharlarida ham Samarqand uslubidagi nonvoylikni joriy qilgan.

Samarqand noni haqida qiziqarli faktlar

Samarqand noni respublikadagi eng yirik va og‘ir nonlardan hisoblanadi. Uning chetlari qalin, ichi esa zich va chaynovchan bo‘ladi. Xushbo‘y hidi esa uni boshqa nonlardan ajratib turadi. Odatda bir dona Samarqand noni 700–800 gramm atrofida chiqadi. Bunday nondan bir-ikki bo‘lak yeyilsa ham, uzoq vaqt to‘qlik hissi beradi.

Foto: Shutterstock

Ayniqsa, G‘alaosiyo mahallasida yopiladigan «kiroyi nonlar» juda mashhur. Ularning har biri 1,5–2 kilogrammgacha og‘irlik qiladi. Bunday nonni 6–7 kishi birgalikda yeyishi mumkin, shuning uchun ko‘pincha to‘ylar, ziyofatlar, mehmondorchiliklarda bir dona «kiroyi non» butun oilaga yetadi.

Bu non shu darajada mustahkamki, qo‘lga olganingizda og‘irligini sezish mumkin. Uni sindirish uchun ham biroz kuch kerak bo‘ladi. Shu sababli G‘alaosiyo nonlari ko‘pincha «eng haqiqiy Samarqand noni» sifatida e’tirof etiladi.

Non biznesi: qanday daromad olsa bo‘ladi

Toshkentdan voha yoki g‘arbiy hududlarga yo‘lgan har bir shaxs albatta Samarqanddagi non bozorlarni biladi. Ularda har doim savdo qaynaydi. Qishda ham yozda ham u yerdan xaridorlarning keti uzilmaydi. Biz u yerda savdo qiladigan sotuvchilar bilan suhbatlashdik.

Shoira aya To‘rabekova, 56 yosh:

«Men bu yerda 7 yildan beri savdo qilaman. Nonni turmush o‘rtog‘im tayyorlaydi. Yozda qizim ham yordam beradi. Kuniga kamida 600 ta non sotamiz, donasiga 500 so‘m-1 ming so‘mdan qoladi. Ba’zida mingtaga non sotgan paytimiz ham bo‘ladi. Bozoriga qarab-da. Mashaqqat, qishda sovuq yozda issiq. Ba’zida kechki 12 da ham savdo qilamiz».

Nusrat Xolmo‘minov, 46 yosh

«15 yildan beri non sotaman. Avval “Gribnoy» kanali nomi bilan mashhur edi. Bu ‘«siti»lar yo‘q edi (Samarkand city majmuasi nazarda tutilgan – tahr.). Barakali savdo bo‘lsa 800 ta, savdo bo‘lmagan kuni kamida 350 ta non sotaman. Birovni noni sotgandan o‘zimiznikini sotish foydaliroq”.

Samarqandlik nonvoy Alisher Mustafoqulovning «Kursiv» nashriga qayd etishicha, 50 kilo undan 103-110 ta o‘rtacha kattalikdagi non tayyorlash mumkin. Uning tannarxi 4700 so‘mni tashkil etadi. Oilaviy tadbirkorlar bir kunda 5-7 qopgacha undan non tayyorlaydi.

Ushbu kattalikdagi nonlar kunning turli qismida turlicha sotiladi. Ularni 5000 so‘mdan 6000 so‘mgacha xarid qilish mumkin.

Avvalroq O‘zbekiston sharoitida banan yetishtirish, texnologik jarayonlar va iqtisodiy samaradorligi haqida yozgan edik.

Shuningdek