13-avgustning eng muhim yangiliklar dayjesti

Qalbaki kupyuralarning to‘xtatilishi, go‘sht narxining oshishi, Starlink’ning Qozog‘istonda paydo bo‘lishi — Kursiv Uzbekistan 13-avgustning muhim yangiliklari dayjestini taqdim etadi.
DXX qalbaki kupyuralarning muomalaga chiqishini to‘xtatib qoldi

Farg‘ona viloyati DXX Qo‘qon shahar bo‘limi xodimlari 2003-yilda tug‘ilgan fuqaroni qalbaki pullarni muomalaga kiritishda ayblab ushladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqaro 50 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni haqiqiy 8 mln so‘mga sotgan paytida ushlandi.
Aholi orasida iyul oyida go‘sht narxi oshganini sezganlar ko‘paydi

Joriy yil iyul oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga pasayib, 13,3 foizni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, sezilgan inflyatsiya darajasining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri, Farg‘ona va Qashqadaryoda (13,8-16,4%) qayd etilgan bo‘lsa, past sezilgan inflyatsiya darajasi Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida (11,7-12,1%) kuzatildi.
Starlink Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirdi

2025-yil 13-avgustdan Starlink kompaniyasi Qozog‘istonda rasmiy ravishda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini taklif qila boshladi.
Endi mamlakat aholisi SpaceX’ga tegishli past orbitadagi Starlink yo‘ldoshlari orqali tezkor va barqaror internetdan foydalana oladi.
Isroil falastinliklarni G‘azodan ko‘chirishni rejalashtirmoqda

Isroil Janubiy Sudan hukumati bilan G‘azo sektoridagi falastinliklarni bu mamlakatga ko‘chirish bo‘yicha muzokara qilmoqda. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Bu reja Isroilning G‘azodan ommaviy migratsiyani rag‘batlantirish tashabbusining bir qismi bo‘lib, hudud 22 oylik Hamasga qarshi harbiy amaliyotdan keyin vayronaga aylangan.
O‘zbekistonning AQShda ikkita savdo uyi ochiladi

AQShning Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida O‘zbekistonning ikki savdo uyini ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda olis tumanlarda korxona filiallarini ochmoqchi bo‘lganlarga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi orqali 5 yil muddatga 10 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit ajratilishi topshirildi.
Dollar 12 500 so‘mdan pasaydi

Bugun, 13-avgust kuni dollar kursi 12,08 so‘mga pasayib, 12 497,75 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Dollar kursining so‘nggi besh kunlikdagi o‘zgarishi
Sana | Kurs (so‘m) | O‘zgarish (so‘m) |
---|---|---|
12-avgust | 12 509,83 | −79,52 |
11-avgust | 12 589,35 | −83,46 |
8-avgust | 12 672,81 | +79,04 |
7-avgust | 12 593,77 | +90,78 |
6-avgust | 12 502,99 | −21,90 |
UFC prezidenti Oq uyda UFC turniri o‘tkazilishini rasman tasdiqladi

UFC tarixda ilk bor Oq uy hududida turnir o‘tkazadi. Musobaqa 2026-yil 4-iyulda AQShning 250-yilligi kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda UFC rahbari Dana Uayt CBS Mornings dasturida ma’lum qildi.
Uaytning aytishicha, u tadbir haqida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan gaplashgan. Yaqin kunlarda Tramp va Ivanka Tramp bilan uchrashib, maydonning dizaynini muhokama qilmoqchi.
9-sentabrdan boshlab poyezdlar tezligi oshiriladi

2025-yilning 9-sentabridan boshlab ayrim yo‘lovchi poyezdlar tezligi oshiriladi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.
Natijada poyezdlarning ayrim bekatlarga kelish vaqti qisqaradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 11-avgustning eng muhim yangiliklar dayjestini e’lon qilgan edi.