Yangiliklar

Aholi orasida iyul oyida go‘sht narxi oshganini sezganlar ko‘paydi

Aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga pasaydi
Go‘sht
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Joriy yil iyul oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga pasayib, 13,3 foizni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, sezilgan inflyatsiya darajasining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri, Farg‘ona va Qashqadaryoda (13,8-16,4%) qayd etilgan bo‘lsa, past sezilgan inflyatsiya darajasi Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida (11,7-12,1%) kuzatildi.

So‘rovnomaga ko‘ra, go‘sht va sut mahsulotlari narxlari sezilarli darajada oshdi deb hisoblovchilar ulushi bir oy ichida 5 foiz bandga ko‘payib, 58 foizga yetdi. O‘simlik yog‘i narxi oshganini sezganlar ulushi esa 2 foiz bandga oshib, 23 foizini tashkil etdi.

Oy davomida dorilar, meva-sabzavotlar va ta’lim xizmatlari narxi oshganini sezganlar ulushi ham ko‘paygan.

Daromadi 15 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlar orasida sezilgan inflyatsiya keskin oshib, 17,7 foizga yetdi. Shuningdek, o‘rta daromadli (4 – 7 mln so‘m) va kam daromadli (2 mln so‘mgacha) qatlamlarda ham inflyatsiyani sezish darajasi ortgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyul oyida aholining inflyatsion kutilmalari 0,3 foizga pasaygani haqida yozgandi.