AQSh davlat qarzi tarixda birinchi marta 37 trln dollardan oshdi

AQSh davlat qarzi joriy yil 11-avgust holatiga koʻra $37,004 trlnga yetib, mutlaq rekord qayd etdi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi hisobotida maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, bu koʻrsatkichning $29,64 trln jamoatchilik qoʻlida, $7,36 trln esa hukumatning ichki majburiyatlariga toʻgʻri keladi. Oxirgi marta yirik bosqich 2024-yil noyabrida qayd etilgan boʻlib, oʻshanda qarz hajmi $36 trlndan oshgandi. Atigi toʻqqiz oy ichida qarz qariyb $1 trlnga koʻpaydi.
AQSh Kongressining Qoʻshma iqtisodiy qoʻmitasi 2026-yil fevralida davlat qarzi yana qariyb $1 trlnga oshishini kutmoqda. Prognozlarga koʻra, kelasi oʻn yilda bu koʻrsatkich $50 trlndan oshib, yalpi ichki mahsulotning 120 foizidan koʻprogʻiga tenglashishi mumkin.
Prezident Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida qarzni kamaytirishga vaʼda bergan boʻlsa-da, bu yil iyun oyida davlat qarzi limitini butunlay bekor qilishni taklif qildi.
Shu bilan birga, Kongress Trampning davlat qarzi chegarasini $4 trlnga oshirishni koʻzda tutuvchi qonun loyihasini maʼqulladi. Moliya vaziri Skott Bessent esa defoltga yoʻl qoʻyilmasligini, hatto qarz limiti boʻyicha qaror qabul qilinmasa ham AQSh oʻz majburiyatlarini bajarishda davom etishini taʼkidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShning davlat qarzi ikki kun ichida qariyb $350 milliardga oshgani haqida xabar bergan edi.