Avto

Bugatti yiliga ikki dona ishlab chiqariladigan noyob gipermobilini taqdim etdi

1 578 ot kuchiga ega
Bugatti yangi 1 578 ot kuchiga ega noyob gipermobilini taqdim etdi. Foto: Bugatti

Bugatti o‘zining yangi Brouillard nomli yagona nusxada yaratilgan gipermobilini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Avtomobil brendning yangi Programme Solitaire dasturi doirasidagi ilk loyiha bo‘lib, yiliga atigi ikki dona shunday «shoh asar» ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Brouillard’ni harakatga keltiruvchi kuch Bugatti’ning 8,0 litrli to‘rt turbo zaryadli W16 dvigatelining eng zamonaviy versiyasi bo‘lib, u 1578 ot kuchi va 1600 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Bu dvigatel to‘rt g‘ildirakka quvvat uzatuvchi yetti pog‘onali ikki muftali uzatmalar qutisiga ulangan. U Chiron va Mistral kabi modellarga teng darajada tezkor bo‘lishi kutilmoqda.

$20M Bugatti Brouillard

Kuzov yuqoridan atlas yashil bo‘yoq, pastki qismi esa yashil-tusli karbon tolali qoplama bilan ishlangan. Dizaynida Ettore Bugatti sevimli otidan ilhomlangan bezaklar, jumladan, maxsus tikilgan matolar va qo‘lda yasalgan miniatura qo‘shilgan.

Foto: Bugatti

Bu noyob gipermobilning narxi taxminan $10 – $20 million atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Brouillard ilk bor Monterey Car Week ko‘rgazmasida 17-avgustgacha namoyish etiladi.

Bundan avval Bokuda dunyodagi eng yirik Bugatti saloni ochilgani haqida yozgandik.

Unga ko‘ra, Nazar Holdings tomonidan boshqariladigan ushbu markaz Bugatti brendining dunyodagi eng katta saloni bo‘lib, u Turkiya, Gruziya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston bozorlariga xizmat ko‘rsatadi.

Tantanali ochilish marosimida Bugattining yangi Tourbillon giperkari ilk bor Markaziy Osiyoda namoyish qilingan. Mehmonlar shuningdek, Baby Bugatti Centenary Edition, Chiron va Veyron modellarini ko‘rish imkoniga ega bo‘lishgan.