
Shu yilning iyul oyida Oʻzbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga pasayib, 12,9 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovnomaga koʻra shakllandi.
Aholining inflyatsion kutilmalari
Iyul oyida soʻrovnomada jami 3,9 mingdan ortiq respondentlar qatnashib, shundan 1,8 mingtasi tadbirkorlarni tashkil qildi.
Narxlarning oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida aholi kommunal xizmatlar, yonilgʻi va elektr energiyasi narxining koʻtarilishi, ish haqi va nafaqalarning oshishi, valyuta kurslarining oʻzgarishini ta’kidlamoqda.
Eng yuqori inflyatsiya darajasi Toshkent shahri, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida kutilmoqda. Aholi taxminlariga ko‘ra, ushbu hududlarda narxlar yil davomida 13,2 – 16 foizga oshishi mumkin. Buxoro, Jizzax va Sirdaryoda inflyatsiya darajasi nisbatan past boʻlib, 11,3 – 11,9 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, oylik daromadi 15 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar inflyatsiya darajasini 15,7 foizgacha yetishini taxmin qilmoqda.
Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari
Tadbirkorlarning oʻrtacha inflyatsion kutilmalari oy davomida 0,3 foiz bandga oshib, 12,1 foiz darajasida shakllangan. Ular ham inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida kommunal xarajatlarning oshishi, yonilgʻi narxining koʻtarilishi, ish haqi va nafaqalarning oshishi va valyuta kurslarining oʻzgarishini qayd etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori kutilmalar Toshkent, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri tadbirkorlari orasida kuzatilgan. Bu hududlarda inflyatsiya darajasi yil davomida 13,1 – 13,8 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Eng past koʻrsatkichlar esa Andijon, Farg‘ona va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tadbirkorlar orasida (10,6 – 11,5%) qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aholi va tadbirkorlar oʻrtasida inflyatsion kutilmalar iyun oyida ham pasaygani haqida yozgandi.