2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekistonda 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mutasaddilarga yil yakuniga qadar kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.
Shuningdek, tijorat kreditlaridan $2,2 milliard majburiyati mavjud bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalar uchun kredit to‘lash muddati yetti yilgacha uzaytiriladi.
Paxtani o‘z vaqtida va sifatli terib olishni ta’minlash maqsadida fermerlarga tonnasiga bir million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
To‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bir foiz etib belgilandi. Bu imtiyozdan foydalanish uchun ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi. Mahsulot realizatsiyasida to‘qimachilik ulushi bo‘yicha talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.
Shuningdek, xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan to‘qimachilik korxonalari har bir tarbiyalanuvchi uchun subsidiya oladi. Korxonalarning elektr ta’minoti masalasini hal etish maqsadida ularning quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi. Bu yo‘nalishga $200 million kredit resurslari yo‘naltiriladi va foiz stavkasining 10 foizgacha qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Prezident 15 ta klasterda tolani qayta ishlash quvvati yo‘qligini, yana 12 tasida quvvat yetarli emasligini qayd etdi. Bunday klasterlar ip-yigiruv korxonalari bilan samarali kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim. Bu talab bajarilmasa, kelgusi yildan ularning klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit ajratilmaydi.
Shu bilan birga, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshooti qurmoqchi bo‘lsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi.
Bundan avval to‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «dolzarb yuz kunlik» e’lon qilingani haqida yozgandi.