Yangiliklar

Toshkentda issiqlik ta’minoti va issiq suv narxlari 15 foizga oshishi mumkin

Yuridik shaxslar uchun 40 foizga, budjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga oshishi rejalashtirilmoqda
Isitish mavsumi
Foto: Strana.ua

2025-yilning 1-oktabridan boshlab poytaxtda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayeva xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Ayni paytda aholi uchun 1 Gkal issiqlik narxi qo‘shilgan qiymat solig‘isiz (QQS) 121 ming 617 so‘m bo‘lsa, rejalashtirilayotgan 15 foizlik oshirishdan so‘ng bu ko‘rsatkich 139,8 ming so‘mga yetadi.

Shuningdek, yuridik shaxslar uchun tariflar 40 foizga oshib, 342,2 ming so‘mga, budjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga yuqorilab, 954,3 ming so‘mga chiqishi mumkin.

Bundan oldin, Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti narxlari 2024-yil 15-noyabrdan 15 foizga oshgandi.

Shu bilan birga o‘tgan yilning dekabr oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayev 2025-yil davomida issiqlik va issiq suv tariflari ikki marotaba 15 foizdan oshirilishi mumkinligi haqida gapirib o‘tgandi.

To‘rayev Koreya va boshqa davlatlar tajribasiga asoslanib, tariflarni optimallashtirish hamda subsidiya yukini kamaytirish maqsadida narxlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.