Toshkentda maishiy chiqindilarni olib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi

Toshkentda maishiy chiqindilarni olib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, hokimlikdagi yig‘ilishda yangi «Toza Poytaxt» dasturiy ta’minoti tanishtirildi.
Ushbu tizim orqali chiqindi yig‘ish texnikalari mahallabay va belgilangan grafik asosida jalb etiladi. Jarayonda Ekologiya vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Milliy gvardiya hamda mahalla yettiligi o‘z hududlariga mas’ul bo‘ladi.



«Toza Poytaxt» dasturiy ta’minoti bugun, 13-avgustdan Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi, 1-sentabrga qadar esa qolgan tumanlarda ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Yangi tizim orqali mahallalardagi ichki ko‘chalarda texnikalar harakatini kuzatish, chiqindi hajmini hisoblash, yuridik tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini baholash, markaziy va ichki ko‘chalardagi sanitariya holatini monitoring qilish imkoniyati yaratiladi. Barcha ma’lumotlar avtomatik yig‘iladi, bajarilmagan ishlar va chiqindi olib chiqib ketilmagan manzillar tizimda qayd etiladi.
Bundan avval Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash loyihasida ishtirok etishi mumkinligi haqida yozgandik.