
UFC tarixda ilk bor Oq uy hududida turnir o‘tkazadi. Musobaqa 2026-yil 4-iyulda AQShning 250-yilligi kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda UFC rahbari Dana Uayt CBS Mornings dasturida ma’lum qildi.
Uaytning aytishicha, u tadbir haqida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan gaplashgan. Yaqin kunlarda Tramp va Ivanka Tramp bilan uchrashib, maydonning dizaynini muhokama qilmoqchi.
Oq uy ma’muriyati ham turnir bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini tasdiqladi. Hozircha jangchilar ro‘yxati e’lon qilinmagan. Bu Oq uyda o‘tkaziladigan birinchi professional UFC musobaqasi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tramp Oq uyda UFC turniri o‘tkazilishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.