Yangiliklar

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

Agentlik huzurida kengash hamda $200 millionlik alohida jamg‘arma shakllantiriladi
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Foto: Textile Insights

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoati uchun mas’ul bo‘ladi. Unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Shuningdek, agentlik huzurida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tuziladi hamda $200 millionlik alohida jamg‘arma shakllantiriladi. Ushbu jamg‘arma orqali to‘qimachilik korxonalariga arzon kredit va aylanma mablag‘lar beriladi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda agentlikka bir nechta vazifalar yuklatildi. Unga ko‘ra, «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini ikki barobar oshirish lozim. Shuningdek, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hamda 2030-yilgacha sohani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish belgilandi.

«Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda budjetga bir so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, yetti trillion so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak», deydi davlat rahbari.

Bundan avval 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etilishi, shu bilan birga, ushbu korxonalariga subsidiyalar berilishi haqida yozgandik.