Yangiliklar

«Afrosiyob»ga to‘siq qo‘ygan temiryo‘lchilar 12 va 13 yilga qamaldi

Yetkazilgan 260 mln so‘m zarar ham davlat foydasiga undiriladi
«Afrosiyob»ga to‘siq qo‘ygan temiryo‘lchilar 12 va 13 yilga qamaldi / Foto: DXX

Buxoro viloyatida ikki temiryo‘lchi «Afrosiyob» tez yuruvchi poyezdga qarshi diversiya uyushtirgani uchun 12 va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: DXX

2023-yil dekabrida lavozimidan norozi bo‘lgan sobiq brigadir hamkasbi bilan jinoiy reja tuzib, 2024-yil 14-yanvar kuni «Ziyovuddin – Navoiy» temiryo‘l uchastkasida 110 kg temir-beton shpalarni rels ustiga qo‘ygan. Oradan 15 daqiqa o‘tib, 159 km/soat tezlikda harakatlanayotgan, ichida 148 yo‘lovchi bo‘lgan «Afrosiyob» poyezdi to‘siqqa urilib, harakat qismlariga jiddiy zarar yetgan.

Foto: DXX

DXX va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan gumondorlar qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining 161-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga ko‘ra, ulardan biri 13 yil, ikkinchisi 12 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, jinoyatchilar poyezdga yetkazilgan 260 mln so‘m zarar davlat foydasiga undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘qonlik fuqaro terrorchi tashkilotga qo‘shilishga uringani uchun olti yilga qamalgan edi.