
Odatda avtomobillar 300 ming kilometrdan oshgach, qimmat ta’mirlash ishlari talab qilinadi. Ammo ular orasida bir million, hatto undan ortiq kilometrlarni nozosliklarsiz bosib o‘tadigan modellar ham mavjud. Autocar.com shunday mashinalar haqida ma’lumot berdi.
Hyundai Elantra (2013)

AQShning Olate shahrida yashovchi Farra Xeyns besh yil davomida o‘zining Hyundai Elantra mashinasida 1,5 mln km bosgan. Bu yiliga taxminan 322 ming km yoki har kuni 882 km degani. Hyundai avvaliga bunga ishonmadi, keyin esa rasmiy ravishda tasdiqladi. Farra bu masofani 2,5 mln kilometrga yetkazishni rejalagandi, ammo kompaniya unga yangi Elantra sovg‘a qildi.
Honda Accord (1990)

Amerikalik Jo Lo Chichero bu mashinani 119 ming kilometr bosib o‘tgan paytida sotib olgan va ish yuzasidan har oy qariyb sakkiz ming kilometr yurgan. 2011-yilga kelib, uning avtomobili bir million kilometrga yetdi. Dilerlik markazi unga yangi «Akord» sovg‘a qildi. Jo bunday uzoq xizmat sirini — muntazam moy almashtirish va vaqtida texnik xizmat ko‘rsatishda deb biladi.
Lexus LS400 (1996)

2014-yilda jurnalist Mett Farah 1,44 mln km yurgan Lexus LS400 sotib oldi. Undagi V8 dvigateli zavoddan chiqqanidan beri almashtirilmagandi. Mashinaning 1,13 mln kilometrini uchinchi egasi bosgan. Farah uni shunchaki qiziqish uchun olib, 1,6 mln kilometrga yetkazishni maqsad qilgan. 2019-yilda odometr 999 999 mil (1,6 mln km) ko‘rsatkichida to‘xtadi.
Saab 900 (1989)

Amerikaning Viskon shtatidagi Piter Gilbert turbo dvigatelli Saab 900 SPG (Aero) modeliga ega edi. U doim safarda bo‘lgani uchun 2006-yilga kelib mashinasi 1,6 mln kilometrni bosib o‘tdi. Keyin u avtomobilni Viskonsin avtomobil muzeyiga topshirdi va ishlab chiqaruvchi unga yangi Saab 9-5 Aero sovg‘a qildi.
Toyota Tundra (2007)

Yetkazib beruvchi Viktor Sheppard 2007-yilda yangi Toyota Tundra sotib olib, to‘qqiz yil ichida 1,64 mln km yurgan. 2016-yilda Toyota bu mashinani texnik tahlil uchun sotib oldi va egasiga yangi pikapi sovg‘a qildi.
Bundan avval chidamlilik va arzon texnik xizmat xarajatlarini o‘zida mujassam qilgan beshta oilaviy avtomobil haqida yozgandik.