
Qozog‘istonda BYD, Chery va Hyundai brendlarining mashhur modellari narxlari pasaydi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi. Biz qo‘shni davlatdagi joriy narxlarni O‘zbekiston bozoridagi rasmiy dilerlar takliflari bilan solishtirdik.
Chegirma hisobiga gibrid krossover BYD Song Plus DM-i Qozog‘istonda $28,9 mingga sotilmoqda. O‘zbekiston bozorida esa xuddi shu model deyarli $31 ming turadi.

Chery Tiggo 2 Pro kompakt krossoveri Qozog‘istonda yangi holatda $13,1 mingdan boshlanadi. O‘zbekistonda esa shu avtomobil uchun qariyb $16 ming to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Narx farqi eng katta bo‘lgan model — Hyundai Elantra. Qozog‘istonda rasmiy dilerlar uni $19,2 mingdan taklif qilmoqda. O‘zbekistonda esa narx $26,6 mingdan boshlanadi.
Hyundai Sonata modelini xarid qilish uchun O‘zbekistonda $36,7 ming sarflash kerak bo‘ladi. Qozog‘istonda esa uning narxi komplektatsiyasiga qarab $25,5 mingdan $35 minggacha o‘zgaradi.

Hyundai Santa Fe’ning Calligraphy komplektatsiyasi Qozog‘iston dilerlarida $47,5 mingdan boshlanadi. O‘zbekistonda shu model kamida $54 ming turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Aito yangi M7 modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.
Yangi Aito M7 uzunligi 5 080 mm, eni 1 999 mm, balandligi 1 780 mm. G‘ildirak bazasi 3 030 mmni tashkil etadi. Bu avvalgi M7’dan uzun va keng. Mashina 5 o‘rinli va 6 o‘rinli variantlarda chiqariladi.
Tashqi ko‘rinishi M8 dizayniga o‘xshaydi. Old qismi yopiq panjara va ingichka LED chiroqlar bilan birlashtirilgan. EREV versiyasi xrom elementlarga ega. Yon qismi yashirin tutqichlar va ko‘p spitsa g‘ildiraklar bilan jihozlangan. Orqa qismida keng LED chiroqlar va «AITO» yozuvi joylashgan.