
Chevrolet Damas — O‘zbekistonda kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan ixcham mikroavtobus. Arzonligi va ko‘p maqsadli qo‘llanishi uni juda mashhur qilgan. Ko‘chalarda deyarli har qadamda uchratish mumkin. Quyidagi maqolada Chevrolet Damas haqida qiziqarli 5 ta faktni taqdim etamiz.
1-fakt: Yaponcha ildiz va 30 yillik tarix

Damas — 1980-yillarda Yaponiyada yaratilgan Suzuki Carry/Every mikroavtobusining modifikatsiyasi. Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi uni 1991-yildan Damas nomi ostida ishlab chiqara boshladi. O‘zbekistonga model 1996-yilda kelib, UzDaewoo Auto zavodida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2006-yilda xavfsizlik talablari moslashgan Damas II taqdim etilib, old qismi 25 sm uzaytirildi. 2008-yildan General Motors bilan hamkorlikda u Chevrolet Damas nomi bilan ishlab chiqarila boshlandi. Bugun Damas 30 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishlab kelinmoqda.
2-fakt: Atigi 38 ot kuchiga ega dvigatel

Damas 0,8 litrli, 3 silindrli benzin dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, quvvati atigi 38 ot kuchiga teng. Maksimal tezligi soatiga 100 km, uzatmalar qutisi esa faqat 5 pog‘onali mexanik turda ishlab chiqariladi. Oddiy konstruktsiya dvigatelning ishonchliligini oshiradi va texnik xizmatni osonlashtiradi. Yonilg‘i sarfi iqtisodiy — soatiga 90 km tezlikda atigi 7,8 litr/100 km ni tashkil etadi. Kichik quvvatiga qaramay, yukxona sig‘imi 560 kg bo‘lib, yuk tashishda ancha qo‘li baland.
3-fakt: Tor va baland, lekin ag‘darilmaydi

Damas juda ixcham: uzunligi 3,84 m, kengligi 1,40 m, balandligi esa 1,92 m atrofida. Baland va tor ko‘rinishiga qaramay, og‘irlik markazi yaxshi muvozanatlangan. Shu bois keskin burilishda yoki yo‘l chekkasiga chiqib ketganda ham ag‘darilmaydi. Dvigatel salon ostida joylashgan, kapot deyarli yo‘q. Yon eshiklar yonga ochiladi, bajag esa yuqoriga ko‘tarilib ochiladi. Bu yuk ortish-tushirishni yengillashtiradi va tor ko‘chalarda harakatlanishni qulay qiladi.
4-fakt: Marshrutkadan tez yordamgacha

Damas uzoq yillar O‘zbekiston shaharlarida marshrutka sifatida xizmat qildi. Nominal 7 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ba’zan undan ham ko‘proq yo‘lovchi tashilgan. So‘nggi yillarda tez yordam xizmati undan voz kechib, yirik reanimobillarga o‘tmoqda. Shunga qaramay, kichik biznes uchun Damas hanuz topilma: yuk tashish va tovar yetkazish qulay. Tor ko‘chalarda va tez-tez to‘xtash talab etiladigan joylarda undan yaxshisi topilmaydi.
5-fakt: Yiliga 100 mingdan ortiq sotilayotgan bozor yetakchisi

Damas O‘zbekistonda eng ko‘p sotiladigan avtomobillardan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda 106 mingdan ortiq Damas xarid qilinib, sotuv bo‘yicha ikkinchi o‘rinni oldi. 2025-yil boshidan esa bir oyda 31 ming dona sotilib, Cobalt’dan keyingi o‘rinda qayd etildi. Yuqori talab sabab UzAuto Motors ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt haqida beshta faktni yozgan edi.