
Xitoyning Hongqi brendi bozorda yangi gibrid krossover Hongqi HS6 modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. U katta ehtimol bilan 2025-yil oxirigacha savdoga chiqadi. Bu haqda «Kitayski avtomobili» nashri maqola e’lon qildi.
Tashqi ko‘rinish

Yangi HS6 brendning yangilangan korporativ dizaynini oladi. Old qismida o‘ziga xos optika, boomerang shaklidagi xrom bezaklar va panjarasiz old panel joylashgan. Radiator panjarasi o‘rnida sharsharani eslatuvchi vertikal chiziqlarga ega yopiq panel ishlatilgan. An’anaviy qizil tomchi belgisi kapot qirrasiga qadar cho‘zilgan. Old bamper aerodinamik dizayn va quyi qismida dvigatelni sovitishga xizmat qiluvchi havo kirish panjaralariga ega.
Yon ko‘rinishida krossover klassik siluetga ega. Oyna atrofi xrom bilan bezatilgan, eshik tutqichlari va orqa ko‘rish oynalari esa an’anaviy shaklda. Old qanotlarda qizil dekor elementlari mavjud, eshiklarning pastki qismi qora plastik himoya bilan qoplangan.

Orqa qismi markazga qarab torayuvchi asil chiroqlar, katta yukxona qopqog‘i va raqam uchun maxsus joyga ega. Keng bamper qora va kulrang plastmassa himoya bilan jihozlangan.
Modelning o‘lchamlari: uzunligi – 4 925 mm, kengligi – 1 970 mm, balandligi – 1 740 mm. G‘ildirak bazasi esa 2 925 mmni tashkil qiladi. 18 dyuymli disklar uch xil dizaynda taklif etiladi.
Ichki ko‘rinish hozircha oshkor etilmagan. Biroq ishlab chiqaruvchi HS6’ni premium materiallardan yasalgan, minimalistik uslubdagi interyer bilan jihozlashi kutilmoqda.
Texnik jihatlar

Hozircha model qaysi platformada qurilishi aniqlashtirilmagan. Taxminlarga ko‘ra, u Mazda 6 ikkinchi avlodi platformasidan foydalanishi mumkin.
Gibrid quvvat tizimi 1,5 litrli 150 ot kuchiga ega turbomotorga asoslanadi. Unga bir nechta elektr dvigatellari ulanadi, ammo ularning umumiy quvvati, batareya sig‘imi va elektr yurish masofasi hozircha oshkor etilmagan.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchi modelni Jinzhao 06 nomi bilan ham bozorga chiqarishi mumkin – bunday savdo belgisi uchun allaqachon ariza berilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi Mercedes S va BMW 7 modellariga raqobatlashadigan modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.