Ichki perevod uchun rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoni berildi

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ichki ko‘chirish va ikkinchi oliy ta’limga qabul bo‘yicha rad etilgan ariza egalari 14 – 15-avgust kunlari hujjatlarini qayta tahrirlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Prezident qaroriga muvofiq ikkita uzrli sabab bo‘yicha bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar transfer.edu.uz orqali ariza topshirgan edi. Ko‘rib chiqish jarayonida ayrim arizalarda kamchiliklar aniqlanib, ular rad etildi. Ushbu talabalar ikki kun davomida arizalarini tuzatib, qayta yuborishi mumkin.
Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga my.edu.uz tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan, biroq arizasi kamchiliklar sabab rad etilgan talabgorlarga ham shu sanalarda hujjatlarini tahrirlash huquqi berildi.
Rasmiy ogohlantirishga ko‘ra, 15-avgustdan keyin tahrir qilish imkoniyati yopiladi va kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar qayta ko‘rib chiqilmaydi. Shuningdek, barcha talabgorlarga shaxsiy kabinetlarida arizalari holatini muntazam tekshirib borish tavsiya etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bakalavriat uchun mandat natijalari e’lon qilingani haqida yozgandi.